Shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ishda nimalarga e’tibor qaratish kerak ?

09.03.2022 345 Yangiliklar


 O‘zbekiston Respublikasining “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi 2020- yil 16- martda qabul qilingan Qonunining 3-moddasi me’yoriy-huquqiy hujjatning asosiy tushunchalariga bag‘ishlangan bo‘lib, unda ro‘yxatga olish ishlarining subyektlaridan biri bo‘lgan respondent tushunchasi qo‘yidagicha ta’riflanadi:

 respondent — aholini ro‘yxatga olish sanasida O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi, lekin aholini ro‘yxatga olish sanasida uning hududidan tashqarida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari. 

 Ushbu qonunning 23-moddasi shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish tartibiga oid bo‘lib, unda bevosita aholini ro‘yxatga olish ishlarida respondentlar ishtirokini amalga oshirishning asosiy mezonlari ko‘rsatilgan. 


 Xususan qonunda:

-         Respondentlar so‘rovi ular yashaydigan xonadonlarda yoki ushbu maqsadlarni amalga oshirish uchun ajratilgan xonalarda olib borilishi,

-         so‘rov davlat tilida o‘tkazilishi, davlat tilini bilmaydigan respondentlar ona tilida yoki erkin ravishda tanlangan muloqot tilida so‘rovdan o‘tkazilishi mumkinligi,

-         ro‘yxatga olish varaqlari ro‘yxatga oluvchi xodimlar tomonidan respondentlarning so‘zlari asosida to‘ldirilishi, 

-         ro‘yxatga olish davrida yashash (turgan) joyida hozir bo‘lmagan yoki voyaga etmagan shaxslar bo‘lgan respondentlar to‘g‘risidagi shaxsga doir ma’lumotlar ular uy xo‘jaligining voyaga etgan a’zolari, shu jumladan vasiylar va homiylar tomonidan ma’lum qilinishi,

-         respondent ro‘yxatga olish varag‘idagi savollarga javob berishni rad etgan taqdirda ro‘yxatga olish varag‘i fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridagi yoki mahalliy davlat hokimiyati organlaridagi mavjud ma’lumotlar asosida to‘ldirilishi,

-         shaxsga doir ma’lumotlarning maxfiyligi ta’minlanishi,

-         aholini ro‘yxatga olish dasturida nazarda tutilmagan savollar bo‘yicha shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish taqiqlanishi belgilab berilgan. 

Aholini ro‘yxatga olish ishlarining samarali tashkil etilishi shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish tartibiga qat’iy rioya qilinishiga bevosita bog‘liqdir. Shu boisdan, ushbu jarayonda yuqoridagi qoidalarga rioya etilishi muhim ahamiyat kasb etadi.