Aholini ro‘yxatga olish mamlakatda yashovchi barcha aholiga tegishli bo‘lgan demografik, iqtisodiy va ijtimoiy ma’lumotlarni yig‘ish, umumlashtirish, baholash, tahlil qilish va e’lon qilishning yagona jarayonini o‘z ichiga olib, aholi to‘g‘risidagi ma’lumotlarning asosiy manbai hisoblanadi va u kelgusi 10-30 yillik rivojlanishning prognoz ko‘rsatkichlarini hisoblash uchun ishonchli poydevor yaratadi, hududlarni rivojlantirish va jamiyatning ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga yordam ko‘rsatish bo‘yicha siyosiy va boshqaruv qarorlarini qabul qilish uchun zarur ma’lumotlarni olish imkonini beradi. U aholi sonini ishonchli hisoblash, shuningdek, aniq belgilab qo‘yilgan yagona hisobga olish davrida aholining jinsi, yoshi, oilaviy ahvoli, ma’lumoti darajasi, yashash sharoiti, bandligi, millati, fuqaroligi hamda boshqa demografik, ijtimoiy va iqtisodiy xususiyatlari bo‘yicha yakka tartibda hisobga olish va batafsil tavsiflashning universal usulini ishga solgan holda rasmiy statistika tizimida asosiy rol o‘ynaydi. Aholini hisobga olish juda qadim zamonlarda soliq yig‘ish, ya’ni boj olish va harbiy maqsadlar uchun olib borilgan. Hindistonning qadimiy davrlaridagi qonunlarida o‘z qudratlarini baholash va soliqlarni belgilash uchun aholi hisobini yuritish ko‘rsatilgan. Aholini bunday hisobga olishda faqat erkaklar hisoblab chiqilgan. Chunki u paytlarda erkaklarning iqtisodiy mavqei yuqori bo‘lgan, soliq to‘lashda faqat erkaklar, ya’ni oila boshliqlari ishtirok etgan. Misrda ham miloddan avvalgi 2800–2250 yillarda aholi hisobi yuritilgan. Qadimgi Xitoy va Yaponiyada ham shunday qilinganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar saqlanib qolgan. Eng qadimgi aholini ro‘yxatga olish miloddan avvalgi VI asrda (510 yilda) Rimda imperator Servi Tull davrida o‘tkazilgan. Mazkur aholi ro‘yxatini olishda oila boshliqlari o‘zi, oilasi a’zolari va mol-mulklari haqida ma’lumot bergan. Aholini eng birinchi rasmiy ro‘yxatga olish 1790 yilda AQShda amalga oshirilgan. Bu ish 1800 yilda Shvesiya va Finlyandiyada, 1801 yilda – Angliya, Daniya, Norvegiya va Fransiyada yo‘lga qo‘yilgan.
Xiva tuman statistika bo‘limi