Roʻyxatga olish qanday amalga oshiriladi? 

22.10.2024 24 Yangiliklar

Mazkur jarayon uch bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqich, tayyorgarlik bosqichi boʻlib, uch yilga yaqin vaqt davom etadi. Ikkinchisi, asosiy bosqich boʻlib, bunda bevosita aholini roʻyxatga olish amalga oshiriladi, yaʼni aholi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar yigʻiladi, nazorat tekshiruvi oʻtkaziladi va aholini roʻyxatga olish materiallari topshiriladi. Bu taxminan ikki oy muddatni tashkil etadi. Soʻnggi bosqichda olingan maʼlumotlar kodlashtirish yordamida tahlil qilinib, natijalar eʼlon qilinadi. 
  
Roʻyxatga olish jarayonida toʻplanadigan statistik maʼlumotlar yagona elektron axborotlar tizimiga kiritiladi. Yaʼni bundan bu yogʻiga qogʻozbozlikdan voz kechib, zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga eʼtibor qaratiladi. 
Roʻyxatga oluvchilarni tanlash ham eng muhim masalalardan biri hisoblanadi. Chunki maʼlumotlarning toʻgʻriligiga bevosita ayni ular masʼul boʻladi va shakllantirilgan maʼlumotlar real boʻlishi shart. Bu jarayonga jalb etiladigan xodimlar har xil yoshda va kasbda boʻlishi, birinchi navbatda, Davlat statistika qoʻmitasi va uning viloyat, shahar va tuman boʻlimlari xodimlari, statistika yoʻnalishida tahsil olayotgan talabalar, magistrlar, shuningdek, tayanch doktorantlar boʻlishi mumkin. 
Yoshi va kasbidan qatʼiy nazar, aholini roʻyxatga oluchilar uchun qisqa muddatli oʻquv kurslari tashkil etiladi va zarurat tugʻilsa, ularga qoʻshimcha maslahatlar beriladi. Aholini roʻyxatga olish tadbirlarini oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar amaldagi hujjatlarga, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq belgilanadi. Jarayonni davlat byudjeti mablagʻlari va qonun bilan taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobiga moliyalashtirish koʻzda tutilgan. 
Amaldagi meʼyoriy hujjatlarga binoan, yakuniy maʼlumotlarni uch tilda eʼlon qilinishi koʻzda tutilgan. Chora-tadbirlar dasturida aholini roʻyxatga olish natijalarini rasmiy chop etish, tarqatish, axborot bilan taʼminlash va eʼlon qilish, aholini roʻyxatga olishning dastlabki va yakuniy maʼlumotlarini arxivda saqlashga tayyorlash muddatlari koʻrsatilgan. Yaʼni maʼlumotlar bilan tanishishning oxirgi chegara muddati belgilangan. Biroq agarda tezkor faoliyat yuritilsa, ushbu muddatdan oldin ham eʼlon qilish imkoniyati mavjud. 
Oʻzbekistonning mukammal kadastr xaritasi yaratiladi 
Aholini roʻyxatga olish barobarida yana bir muhim vazifani bajarish koʻzda tutilgan. Bu - hududlarni xaritalash, aholi punktlaridagi uylarning roʻyxatini tuzish bilan bogʻliq masala.Turar va noturar joylarning aniq soni, holati, foydalanilmay yotgan yoki muddatini oʻtab boʻlgan binolarni belgilab olish bilan tegishli hududlarda uy-joy, sanoat obyektlarni qurish va taʼmirlash masalalariga oydinlik kiritish mumkin boʻladi. Bir soʻz bilan aytganda, respublikaning yangi mukammal kadastr xaritasi yaratiladi. 
Reja aniq, vazifa masʼuliyatli 
Keyingi uch yil davomida masʼul mutasaddilarni qaynoq ish jarayoni kutib turibdi. Ularni muvaffaqiyatli bajarish bilan Oʻzbekistonning har bir viloyati, shahari, tumanidan tortib mahallasi, koʻchasi, chekka qishloq va olis ovullarigacha aloqador boʻlgan barcha maʼlumotlarni oʻzida aks ettirgan yagona axborot bazasiga ega boʻlamiz. Bu qimmatli maʼlumotlar esa bizga bugun, ertaga va yaqin kelajakda juda asqotadi. 
  
Zotan, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida ishlab chiqilayotgan koʻp yillik dasturlar, amalga oshirilayotgan tizimli oʻzgarishlar va belgilab olinayotgan rejalar manzil aniq boʻlsagina, yuqori samara beradi. Demak, mazkur jarayon bilan shu choqqacha eʼtibordan chetda qolib kelgan sohaga chinakam poydevor qoʻyiladi, deyish har jihatdan toʻgʻri boʻladi. 
 Xiva tuman statistika boʻlimi