“Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida (2020- yil 16- mart, O‘RQ - 611) aholini ro‘yxatga olishning yagona belgilangan sanasida shaxsga doir ma’lumotlarni barcha respondentlardan yig‘ish mamlakatning butun hududida yoki uning muayyan hududlarida bir paytning o‘zida amalga oshirilishi belgilangan. Shuningdek, mazkur Qonunda shaxsga doir ma’lumotlar yig‘ilayotganda ro‘yxatga olish varag‘i har bir respondent uchun yakka tartibda to‘ldirilishi, aholini ro‘yxatga olishning shaxsga doir ma’lumotlari maxfiy bo‘lib, respondentning roziligisiz oshkor etilmasligi va tarqatilmasligi nazarda tutilgan.
Qonunning 21-moddasiga ko‘ra, aholini ro‘yxatga olish dasturi, ya’ni shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish uchun amalga oshiriladigan savollar quyidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi:
familiyasi, ismi, otasining ismi;
tug‘ilgan sanasi va joyi;
yoshi;
jinsi;
millati;
fuqaroligi;
yashash joyi (turgan joyi);
tillarni bilishi;
ma’lumoti;
nikoh holati;
bolalarining soni;
uy xo‘jaligi tarkibi;
uy-joy sharoitlari;
bandligi;
yashash uchun mablag‘lar manbalari;
migratsiya (ichki va tashqi).
Shuningdek,O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan Aholini ro‘yxatga olish dasturiga qo‘shimcha ravishda boshqa savollar kiritilishi mumkin. Javoblari davlat sirlariga va qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirga taalluqli axborotni o‘z ichiga olishi mumkin bo‘lgan, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini buzuvchi savollar kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.