2020- yil 16- martda qabul qilingan “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni 5 bob, 31 moddadan iborat bo‘lib, unda aholini ro‘yxatga olishning vazifalari va prinsiplari yoritib berilgan.
Asosiy prinsiplardan biri sifatida davriylik prinsipi, ya’ni aholini ro‘yxatga olish o‘n yilda kamida bir marta o‘tkazilishi hamda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilinishi belgilab qo‘yilgan.
Yana bir muhim prinsiplardan biri, bu shaxsga doir ma’lumotlarning maxfiyligi bo‘lib, bunda aholini ro‘yxatga olish jarayonida yig‘ilgan shaxsga doir ma’lumotlar maxfiy hisoblanishi, ular respondentning roziligisiz oshkor etilmasligi va tarqatilmasligi qat’iy belgilab qo‘yilgan.
Qonunda respondent tushunchasiga ham aniqlik kiritib ketilgan, ya’ni respondentlar – aholini ro‘yxatga olish sanasida O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hisoblanadi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi, lekin aholini ro‘yxatga olish sanasida uning hududidan tashqarida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ham respondent hisoblanishi yoritib o‘tilgan.