Aholini ro‘yxatga olishning birlamchi ma’lumotlarini kiritish, qayta ishlash, yakuniy ma’lumotlarni shakllantirish  va e’lon qilish tartib

25.04.2022 356 Yangiliklar

i


  O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020- yil 11- noyabrdagi 710-sonli qaroriga asosan, aholini ro‘yxatga olishning birlamchi ma’lumotlarini kiritish va qayta ishlash hududlarda amalga oshiriladi. 

 Buning uchun hududiy statistika boshqarmalari huzurida 14 ta birlamchi ma’lumotlarni elektron bazaga kiritish markazi tashkil etiladi. Har bir hududiy markazda tegishli hudud bo‘yicha aholini ro‘yxatga olishning birlamchi ma’lumotlari elektron bazaga kiritiladi va tahrir qilinadi.

 Aholini ro‘yxatga olish birlamchi ma’lumotlarini kiritish va qayta ishlash maxsus dasturiy ta’minot asosida hududiy markaz boshliqlari, operatorlar guruhi boshliqlari, hujjatlarni saqlash xodimlari (arxiv xodimi), ma’lumotlarni kiritish va mantiqiy nazorat qilish bo‘yicha operatorlarni vaqtincha jalb etish orqali amalga oshiriladi.

 Respublika darajasida yakuniy ma’lumotlarni jamlash va tahlil qilish maxsus kompyuter dasturi asosida amalga oshiriladi.

 Shaxsga doir birlamchi ma’lumotlar qayta ishlash jarayonida maxfiylashtiriladi.

 Zarur hollarda aholini ro‘yxatga olish natijalarini tahlil qilishda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi, Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi, Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi hamda boshqa tegishli vazirlik va idoralarda mavjud aholi bilan bog‘liq bo‘lgan ma’lumotlar bazalaridan foydalaniladi.


 2023- yilda o‘tkaziladigan aholini yalpi ro‘yxatga olishning birlamchi ma’lumotlarini elektron bazaga kiritish ishlari 2024- yil 31- dekabrgacha amalga oshiriladi.

 Aholini ro‘yxatga olish natijalarini chop etish Davlat statistika qo‘mitasi va uning hududiy organlari tomonidan 2025- yil 1- dekabrgacha rasmiy bosma nashrlarda, shuningdek, elektron manbalarda, foydalanuvchilarning keng ommasi uchun ommabop nashrlarda, (risolalar, press-relizlar, atlaslar, taqdimot materiallari va boshqalarda), Qo‘mitaning rasmiy veb-saytida joylashtirish orqali e’lon qilinadi.