Mazkur tadbir bizga nima beradi?

11.09.2024 66 Yangiliklar

Aholi sonini roʻyxatga olish mamlakatda yashovchi barchaga tegishli boʻlgan demografik, iqtisodiy va ijtimoiy maʼlumotlarni yigʻish, umumlashtirish, baholash, tahlil va eʼlon qilishning yagona jarayonidir. U aholi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning asosiy manbai boʻlib, kelgusi 10-20 yillik rivojlanishning prognoz koʻrsatkichlarini hisoblash uchun ishonchli poydevor yaratadi. Aholi migratsiyasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar shakllantiriladi.

Oʻz navbatida, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligi, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash va oilalarga yordam koʻrsatish boʻyicha dasturlarni manzilli ishlab chiqishda axborot tarzida foydalaniladi. Aholi sonini ishonchli hisoblash boʻyicha rasmiy statistika tizimida asosiy rol oʻynaydi. 

Roʻyxatga olish qanday amalga oshiriladi?

Mazkur jarayon uch bosqichda amalga oshiriladi. Birinchisi, tayyorgarlik bosqichi boʻlib, uch yilga yaqin vaqt davom etadi. Ikkinchisi, asosiy bosqich boʻlib, bunda bevosita aholini roʻyxatga olish amalga oshiriladi, yaʼni aholi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar yigʻiladi, nazorat tekshiruvi oʻtkaziladi va aholini roʻyxatga olish materiallari topshiriladi. Bu taxminan ikki oy muddatni tashkil etadi. Soʻnggi bosqich qariyb uch yil davom etib, olingan maʼlumotlar kodlashtirish yordamida tahlil qilinib, natijalar eʼlon qilinadi.

Roʻyxatga olish jarayonida toʻplanadigan statistik maʼlumotlar yagona elektron axborotlar tizimiga kiritiladi. Yaʼni bundan bu yogʻiga qogʻozbozlikdan voz kechib, zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga eʼtibor qaratiladi. 

Roʻyxatga oluvchilarni tanlash ham eng muhim masalalardan biri hisoblanadi. Chunki maʼlumotlarning toʻgʻriligiga bevosita ayni ular masʼul boʻladi va shakllantirilgan maʼlumotlar real boʻlishi shart. Bu jarayonga jalb etiladigan hodimlar har xil yoshda va kasbda boʻlishi, birinchi navbatda, Statistika agentligi va uning viloyat, shahar va tuman boʻlimlari hodimlari, statistika yoʻnalishida tahsil olayotgan talabalar, magistrlar, shuningdek, tayanch doktorantlar boʻlishi mumkin.

Yoshi va kasbidan qatʼi nazar, aholini roʻyxatga oluchilar uchun qisqa muddatli oʻquv kurslari tashkil etiladi va zarurat tugʻilsa, ularga qoʻshimcha maslahatlar beriladi. Aholini roʻyxatga olish tadbirlarini oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar amaldagi hujjatlarga, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq belgilanadi. Jarayonni davlat byudjeti mablagʻlari va qonun bilan taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobiga moliyalashtirish koʻzda tutilgan.

 

Xiva tuman statistika boʻlimi