Oʻzbekistonda aholini roʻyxatga olish ishlari oʻtkazilishi rejalashtirilmoqda.

25.09.2024 60 Yangiliklar
Aholini roʻyxatga olish maʼlum bir sanada Oʻzbekiston aholisining soni, yoshi, jinsi, diniy va etnik tarkibi, oilaviy ahvoli, maʼlumot darajasi, uy-joy bilan taʼminlanganligi, iqtisodiy faolligi, daromad olish manbalari, nogironligi xususida batafsil maʼlumot olishga yordam beradi.
Shuningdek, roʻyxatga olish – aholi jon boshiga makroiqtisodiy koʻrsatkichlarning taqsimlanishini hisoblashda ishlatiladi, migratsiya holatini, mehnat resurslari taqsimotini aniq koʻrsatib beradi.
Natijalar hududlarni rivojlantirish, ayollar va bolalar salomatligini saqlash boʻyicha ishlarning manzilli amalga oshirilishi uchun ham axborot manbasi boʻlib xizmat qiladi.
Oʻzbekistonda aholini roʻyxatga olish tadbirlarini oʻtkazish 2025-2026-yillarga moʻljallanyapti.Bu haqda 2024-yil 4-mart kuni Prezident tomonidan imzolangan “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-114-sonli qarori bilan tasdiqlangan rasmiy statistika sohasida islohotlarni chuqurlashtirish boʻyicha yoʻl xaritasida Prezident huzuridagi Statistika agentligiga 2025−2026-yillarda aholini roʻyxatga olish ishlarini tashkil etish vazifasi yuklatilgan. 
Yoʻl xaritasida 2024-yil davomida agentlik aholini roʻyxatga olishni oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish ishlarini davom ettirishi belgilab berildi.
Jumladan:
Aholini roʻyxatga olish esa 2025−2026-yillarda oʻtkazilishi, natijalar 2026−2027-yillarda tayyorlanishi va eʼlon qilinishi belgilangan.
2024-yilni mamlakatimizda “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”, deb eʼlon qilinishi munosabati bilan aholi oʻrtasida aholini roʻyxatga olish tadbirini nechogʻlik muhimligi va uni oʻtkazishga yoshlar, fuqarolar hamda tadbirkorlarning oʻzlari ham qatnashish imkoniyatiga ega ekanligi toʻgʻrisida targʻibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda. 
Jumladan, 2024-yilning yanvar-mart oylarida rasmiy veb-saytlarda aholini roʻyxatga olishga oid 20 dan ortiq maqolalar va tezislar joylashtirildi, mahalliy gazetalarda 2 ta maqola chop etildi, viloyat hududida joylashgan oliy taʼlim va umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida hamda kasb-hunar maktablarida aholini roʻyxatga olishga oid masalalariga bagʻishlangan 19 marotaba davra suhbatlari oʻtkazildi. 
Shuningdek, aholini roʻyxatga olishni xalqaro talablarga mos ravishda va sifatli oʻtkazilishini taʼminlash hamda aholini roʻyxatga olishning tashkiliy rejasini toʻgʻri tuzilishi aholi punktlari xaritalarining aniqligiga va hududlarda aholi yashaydigan turar joylarning raqamlanganligiga bevosita bogʻliq. Shu maqsadda, bugungi kunda viloyatimiz hududida mahalla va kadastr organlari bilan hamkorlikda, 2011-yil 12-oktyabrdagi OʻRQ-303-sonli “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Qonun talablaridan kelib chiqqan holda, koʻchalarga berilgan nom belgilari hamda xonadonlarga berilgan raqam belgilarining oʻrnatilganligi boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni joylarga chiqqan holda  monitoringgi statistika organlari xodimlari tomonidan doimiy yuritib borilmoqda.
Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, koʻchalar hamda xonadonlarning nomlari yoki raqam belgilarining mavjud emaslik holatlari aholini roʻyxatga olish jarayonlarida roʻyxatga oluvchi xodimlar uchun xonadonlarni toʻgʻri topib borishda qiyinchiliklar keltirib chiqaradi. Shuningdek, xonadonlarni toʻliq raqamlash tez yordam, yongʻinga qarshi kurashish, ichki ishlar va shu kabi aholiga xizmat koʻrsatuvchi organlar faoliyati uchun ham muhim hisoblanadi.
Shuningdek, aholini roʻyxatga olishning birlamchi maʼlumotlar bazasi hajmining kattaligi sababli, uning natijalarini jadval koʻrinishida shakllantirishda STATA amaliy dasturiy paketidan foydalanilmoqda. Bugungi kunga qadar 100 dan ortiq chiquvchi jadvallar mazkur dastur yordamida tayyorlandi. Ushbu dastur asosan statistik tahlil qiluvchi dastur boʻlib, statistik koʻrsatkichlarni shakllantirishda qulay, tezkor va tahlillarni jadval, reyting va grafik koʻrinishda taqdim eta oladi.
 
Xiva tuman statistika boʻlimi